Ultratovush tekshiruviga tayyorgarlik

Bachadon va uning ortiqlarini tekshirish

Transabdominal usul bilan tekshirish qovuq to‘la bo‘lganda o‘tkaziladi. Tekshiruvdan 3-4 soat oldin siymaslik va muolajadan 1 soat oldin 1 litr gazsiz suyuqlik ichish lozim. Tekshiruv arafasida tozalovchi huqna qilish kerak. Transvaginal usulda tekshirish, shu jumladan homiladorlikni erta aniqlash uchun, qovuq bo‘sh holatda o‘tkaziladi.

Sut bezlarini tekshirish

Sut bezlarini tekshirish hayz siklining 5-kunidan 12-kunigacha o‘tkaziladi. O‘tkir patologiya holatlarida (sut bezlarida og‘riq, jarohat, ko‘krak uchidan ajralma chiqishi) siklning istalgan kunida tekshirish mumkin.

Prostata bezini tekshirish

Transrektal usulda UTT o‘tkazilganda (prostata bezini tekshirishda asosiy usul) qovuqni to‘ldirish shart emas. Tekshiruv arafasida tozalovchi huqna qilish zarur. Transabdominal usulda ultratovush tekshiruvi o‘tkazilganda, tekshiruvdan 2-3 soat oldin siymaslik va muolajadan 1 soat oldin 1 litr gazsiz suyuqlik ichish kerak.

Qovuqni tekshirish

Erkak va ayollarda tekshirish qovuq to‘la bo‘lganda o‘tkaziladi. Tekshiruvdan 2-3 soat oldin siymaslik va muolajadan 1 soat oldin 1-1,5 litr gazsiz suyuqlik ichish lozim. Kuchli qistov bo‘lganda, zo‘riqishni kamaytirish uchun qovuqni ozgina bo‘shatish va tekshirish vaqtigacha qovuqning to‘liq to‘lishiga erishish uchun yana biroz suyuqlik ichish mumkin.

Qorin bo‘shlig‘i a’zolarini tekshirish

Tekshiruvdan 2-3 kun oldin tozalovchi huqna qilib, ichakda gaz hosil bo‘lishini kuchaytiruvchi mahsulotlarni (xom sabzavotlar, to‘liq yog‘li sut, qora non, dukkaklilar, gazli ichimliklar, yuqori kaloriyali shirinliklar) ratsiondan chiqarib tashlash lozim.

Tekshiruvdan bir kun oldin «Faollashtirilgan ko‘mir» yoki "Espumizan"ni kuniga 3 mahal 2 tabletkadan qabul qilish kerak.

Ultratovush tekshiruvi qat’iyan och qoringa o‘tkaziladi.

Agar tekshiruvni ertalab o‘tkazish imkoni bo‘lmasa, muolajadan 6 soat oldin yengil nonushta (shirin bo‘lmagan choy yoki quritilgan oq non) qilishga ruxsat etiladi.

Tekshiruv kuni saqich chaynash man etiladi. Tekshiruvdan oldin chekmaslik lozim. Agar dori vositalari qabul qilayotgan bo‘lsangiz, bu haqda UTT shifokorini ogohlantiring.

Ultratovush tekshiruvidan so‘ng o‘sha kunning o‘zida laboratoriya tekshiruvlari uchun qon topshirish tavsiya etilmaydi.

Rentgenografiya, gastro- va kolonoskopiyadan keyin shu kunning o‘zida ultratovush tekshiruvi o‘tkazish mumkin emas.

В начало страницы
Выберите город
Ваш город
Ташкент